DAVLAT ORGANLARI VA TASHKILOTLARI FAOLIYATINING OCHIQLIK DARAJASINI OSHIRISH VA BAHOLASH TIZIMINI JORIY ETISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING QARORI

 

Fuqarolarning axborotni erkin izlash va olishga doir konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirish, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi, shaffofligi va hisobdorligini ta’minlash, ularning ochiqlik borasidagi samaradorlik ko‘rsatkichlarini belgilash hamda faoliyatini ilg‘or xalqaro standartlar asosida baholash tizimini joriy etish maqsadida:

  1. 2022-yil 1-avgustdan boshlab:

Davlat budjeti, shuningdek, xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalar, shu jumladan istiqbolli investitsiya va infratuzilma loyihalari bo‘yicha ularning asosiy texnik ko‘rsatkichlari va boshqa loyiha hujjatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar Ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxatiga kiritilsin;

davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shuningdek, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari hamda davlat unitar korxonalarida (keyingi o‘rinlarda — davlat organlari va tashkilotlari) ochiqlik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholashga qaratilgan Ochiqlik indeksi joriy etilsin.

  1. Belgilansinki:
  2. a) Ochiqlik indeksi quyidagi indikatorlar asosida baholanadi:

davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlikni ta’minlashga mas’ul bo‘lgan xodimlar faoliyatining samaradorligi;

davlat organlari va tashkilotlarining rasmiy veb-saytlarida axborotlarni joylashtirish va elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish holati;

ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlarni qonunchilikda belgilangan axborot resurslarida e’lon qilish va jamoatchilik oldida hisobdorlik tizimining yo‘lga qo‘yilishi;

budjet jarayonining ochiqligini ta’minlashga oid ma’lumotlarning rasmiy veb-saytda joylashtirilishi;

Ochiq ma’lumotlar portalida ma’lumotlar joylashtirilishi;

ommaviy kommunikatsiya texnologiyalarining joriy qilinishi;

korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va ularning oldini olishda ochiqlik tamoyillaridan foydalanish holati;

jamoatchilik kengashi faoliyatining samaradorligi;

  1. b) Ochiqlik indeksini baholash quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

Ochiqlik indeksi “0” balldan “100” ballgacha baholanib, davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati samaradorligi “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratiladi;

baholash har yili oldingi yilning 1-yanvaridan 31-dekabriga qadar bo‘lgan davrini o‘z ichiga qamrab oladi;

2022-yilda Ochiqlik indeksi 1-iyuldan boshlab joriy yilning ikkinchi yarmi qamrab olingan davr uchun baholanadi;

Ochiqlik indeksini hisoblash natijalari har yili 1-aprelga qadar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) tomonidan “eanticor.uz” elektron platformasi va ommaviy axborot vositalarida e’lon qilib boriladi.

  1. Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini monitoring qilish va baholash bo‘yicha metodika 1-ilovagamuvofiq tasdiqlansin.
  2. Agentlik (A. Burxanov) Moliya vazirligi (T. Ishmetov), Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi (A. Abdullayev) hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Ochiqlik indeksini hisoblash natijalariga ko‘ra quyidagi choralarni ko‘rib borsin:
  3. a) “yashil” toifadagi davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikni ta’minlash sohasidagi ijobiy tajribasini ommalashtirish;
  4. b) “sariq” toifadagi davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikni ta’minlash sohasidagi faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish, ularni amalga oshirishga ko‘maklashish va amaliy yordam berish;
  5. v) “qizil” toifadagi davlat organlari va tashkilotlarida:

ochiqlikni ta’minlashga mas’ul bo‘lgan xodimlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda intizomiy jazo chorasini qo‘llash to‘g‘risida taklif kiritish;

ochiqlikni ta’minlashda yo‘l qo‘yilayotgan tizimli kamchiliklarni o‘rganish, bartaraf etish hamda ularning ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish.

  1. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

amalga oshirilgan ishlar va ko‘rilgan choralar ijrosi bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlarining birinchi rahbarlari hisobotlari har yarim yilda Oliy Majlis Senati majlislarida eshitiladi;

baholash natijalari e’lon qilingach, bir oy muddatda faoliyati “qizil” toifada baholangan davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining ochiqlik sohasida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari va ularni bartaraf etish bo‘yicha rejalashtirgan chora-tadbirlari yuzasidan Hukumat tizimidagi davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining axboroti Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlislarida eshitiladi.

Hukumat tizimiga kirmaydigan tashkilotlar rahbarlarining axborotini Oliy Majlis Senati majlislarida eshitish hamda natijasiga ko‘ra tegishli choralarni belgilash tavsiya etilsin.

  1. Belgilansinki, Agentlikning tavsiyasiga asosan budjet mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan bir yilda bir marta faoliyati “yashil” toifada baholangan davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikni ta’minlashga mas’ul bo‘lgan xodimlari bir oylik lavozim maoshining 50 foizi miqdorida rag‘batlantiriladi.
  2. Agentlik huzurida uning direktori rahbarligida mas’ul davlat organlari va tashkilotlari vakillaridan iborat tarkibda Ochiqlikni ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholash komissiyasi tashkil etilsin va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:

davlat organlari va tashkilotlarining Ochiqlik indeksini baholash natijalarini ko‘rib chiqish va Ochiqlik indeksi bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilish;

har yarim yilda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ochiqlikni ta’minlash sohasida amalga oshirilgan ishlar, rejalashtirilgan loyihalar va chora-tadbirlar ijrosini muhokama qilib borish;

tahlillar va keng jamoatchilik fikrini o‘rganish asosida ochiq e’lon qilinishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar ko‘lamini kengaytirish, sifatini oshirish va dolzarbligini ta’minlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish hamda ularni amalga oshirish chora-tadbirlarini belgilash;

davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikni ta’minlash borasidagi yangi loyihalarini ko‘rib chiqish va ularni amalga oshirish yuzasidan amaliy yordam ko‘rsatish.

  1. Agentlik (A. Burxanov) Adliya vazirligi (R. Davletov), Davlat statistika qo‘mitasi (B. Begalov), Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A. Xodjayev) bilan birgalikda uch oy muddatda quyidagilarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

davlat organlari va tashkilotlari uchun o‘z rasmiy veb-saytida joylashtirilishi majburiy bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlarning namunaviy shakllarini;

ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlarni rasmiy veb-saytga joylashtirishda ularni pasportlash tizimini joriy etish bo‘yicha amaldagi qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflarni;

davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ochiqlikni ta’minlash sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan majburiyatlarga rioya etilishini masofaviy monitoring qilish, natijalarini rasmiylashtirish va ko‘rib chiqish muddatlarini belgilovchi tartibni.

  1. 2022-yil 1-iyuldan boshlab Ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxatiga kiritilgan ma’lumotlarni rasmiy veb-saytga joylashtirishda (e’lon qilishda) quyidagi tartib belgilansin:

ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar davlat organlari va tashkilotlari rasmiy veb-saytining bosh sahifasida alohida bo‘limga joylashtiriladi;

ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar rasmiy veb-saytning boshqa sahifasiga (veb-manzilga) joylashtirilgan taqdirda, ular e’lon qilinmagan deb hisoblanadi va Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini monitoring qilish va baholash bo‘yicha metodikaning baholash mezoni bajarilmagan deb topiladi.

  1. Agentlikka davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash borasida quyidagi qo‘shimcha huquqlar berilsin:

davlat organlari va tashkilotlari hamda ularning mansabdor shaxslariga ochiqlik sohasidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarning buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ogohlantirish e’lon qilish;

ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarning buzilishiga olib kelgan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini ko‘rish to‘g‘risida taqdimnoma kiritish;

davlat organlari va tashkilotlari tomonidan rasmiy veb-sayt va boshqa axborot resurslarida e’lon qilingan ochiq ma’lumotlarning haqqoniyligini tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilib olish haqida so‘rovnoma yuborish.

Belgilansinki, Agentlikning ogohlantirish, taqdimnoma va so‘rovnomalari davlat organlari va tashkilotlari tomonidan o‘n kun muddat ichida ko‘rib chiqilishi va natijalari yuzasidan yozma axborot berilishi shart.

  1. Agentlik (A. Burxanov):

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N. Xusanov), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Shermatov), Adliya vazirligi (R. Davletov) bilan birgalikda ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasini chuqur tahlil qilgan holda ikki oy muddatda davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikni ta’minlashga mas’ul xodimlari bilan shartnomalar tuzishda qo‘llash uchun tavsiyaviy xususiyatga ega bo‘lgan ochiqlikni ta’minlash sohasida qonunchilik talablarini buzganlik uchun intizomiy javobgarlikni belgilovchi namunaviy shartlarni ishlab chiqsin va e’lon qilsin;

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Shermatov), Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A. Xodjayev), Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi (A. Abdullayev) bilan birgalikda 2023-yil 1-yanvarga qadar ochiqlikni ta’minlash bo‘yicha monitoring o‘tkazish, ochiqlik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholash, shuningdek, Ochiqlik indeksini baholash jarayonlarini Yagona idoralararo axborot tizimi (platforma) orqali yo‘lga qo‘yilishini ta’minlasin.

  1. Agentlik (A. Burxanov) xalqaro tashkilotlar va xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda, davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikni ta’minlashga mas’ul bo‘lgan xodimlarini muntazam o‘qitish va malakasini oshirish choralarini ko‘rsin.
  2. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A. Xadjayev) va O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (A. Ko‘chimov)ga mazkur Farmonning mazmun va mohiyatini hamda Ochiqlik indeksini hisoblash natijalarini keng yoritib borish tavsiya etilsin.
  3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 2-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
  4. Agentlik ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
  5. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Agentlik direktori A.E. Burxanov belgilansin.

Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV